Ру Ўз O'z En

Yangiliklar

26 Aprel 2025

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Nizomiy nomidagi pedagogika universitetining yotoqxonalari sotuvga qo‘yilishi yuzasidan bildirilgan fikrlarga rasmiy munosabat

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda talabalar yotoqxonalarining sotilishi bo‘yicha noto‘g‘ri talqin qilish kabi fikrlarga javoban quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Maʼlumki, bugungi kunda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet) Toshkent shahrining 8 ta hududlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Tegishli qarorlarga asosan talabalarga qulayliklar yaratish maqsadida Universitet o‘quv binolarini yagona majmuada birlashtirgan holda Yangi Toshkent shahri hududidan tanlangan 40 gektar yer maydonida Universitetning zamonaviy yangi kampuslarini barpo etish nazarda tutilgan.

Mazkur kampusda talabalar uchun zamonaviy kutubxona va yotoqxona qurilishi ham inobatga olingan.

Ushbu kampusni moliyalashtirish manbalari sifatida Universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari va uning Toshkent shahrida bo‘shaydigan bino va inshootlarini bosqichma-bosqich sotishdan tushadigan mablag‘lar belgilangan.

Hozirgi kunda Yangi Toshkent shahri hududida Universitetning yangi zamonaviy kampuslarini qurilish ishlari boshlangan.

Shu oʼrinda, 2025 yilga moʼljallangan xususiylashtirish dasturida Universitetning bino va inshootlari uning soʼroviga asosan bosqichma-bosqich ommaviy savdolarga chiqariladigan obyektlari tasdiqlangan hamda izoh qismida ularni sotishdan tushgan mablagʼlar Yangi Toshkent shahrida Universitet kampuslarini qurish uchun Universitetga maqsadli yoʼnaltirilishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, Yangi Toshkent shahri hududida Universitet uchun yangi kampus bitkazilib, talabalar unga ko‘chib o‘tganidan so‘ng, yotoqxonalardan samarali foydalanish choralari ko‘riladi.

61 Chop etish